O‘zbekiston BAA ning hukumat akseleratorini yaratish tajribasini o‘rganmoqda

2019 yilning 3-8 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) delegatsiyasi Birlashgan Arab Amirligida (BAA) bo‘lib qaytdi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil mart oyida BAAga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish, davlat organlari faoliyatiga yangiliklar kiritish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishilgan edi. Mazkur kelishuv doirasida O‘zbekistonda hukumat akseleratorini amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumki, Birlashgan Arab Amirligi Vazirlar Mahkamasi huzurida hukumat akseleratori faoliyat olib boradi. Davlatlar o‘rtasidagi kelishuvlar doirasida BAA hukumati O‘zbekistonda bunday institutni ochish va uning xodimlarini tayyorlashda ko‘maklashishga tayyor ekanligini bildirgan.

Ushbu tashrif davomida ITIM rahbariyati va mas’ul xodimlari BAA hukumati tomonidan tashkil etilgan "Hukumat akseleratori o‘quv ustaxonasi" da (Government Accelerators Training Workshop) tashkil etilgan trening mashg‘ulotlarida ishtirok etdi. BAA hukumati akseleratori mamlakatning 2020 yil strategiyasini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi muhim tuzilma sifatida tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi davlat boshqaruvida qaror qabul qilish jarayonini yangicha fikrlash orqali tubdan o‘zgartirish hisoblanadi (o‘zgarish menejmenti).

Tashrif davomida BAA hukumati akseleratorining metodologiyasi va Garvard universiteti mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan amaliy tadqiqotlar atroflicha o‘rganildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi hukumatining akseleratori dastlabki bosqichda manfaatdor vazirliklar va idoralar tomonidan 100 kun ichida o‘rganilishi lozim bo‘lgan ustuvor masalalarni aniqladi.

Tashrif davomida ITIM rahbariyati BAA hukumati a’zolari bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi. Xususan, BAA Bosh vaziri apparatining Strategiya va innovatsiyalar bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Xuda al-Xashimi hamda Davlat imkoniyatlari va liderlik bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Yasser Alnaqbi va BAA hukumati akseleratori direktori Radhiya al-Hashimilar bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida BAA hukumati a’zolari O‘zbekistonda davlat boshqaruvini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlar va islohotlar juda muhim va o‘z vaqtida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Xususan, O‘zbekiston Prezidentining Virtual va xalq qabulxonalari tajribasi katta e’tiborga loyiqdir. Amirlik tomoni O‘zbekiston bilan aloqalariga alohida ahamiyat qaratilayotganini ta’kidlab, mavjud kelishuvlar bilan cheklanib qolmasdan O‘zbekistonda hukumat akseleratorini amalga oshirishda faol ishtirok etish niyatini bildirdi.

Tashrif yakunida ITIM va BAA hukumati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi hukumat akseleratori va Amirlikning kelajak ishlari vazirligi vakili O‘zbekistonda hukumat akseleratori faoliyatini tashkil etishda xorijiy ekspertlarni jalb qilish orqali yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati