UNESCO delegatsiyasi bilan uchrashuv
Joriy yilning 12 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida YuNYeSKO vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur delegatsiyaning yurtimizga tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsadi O‘zbekistonda inklyuziv fan tizimini mustahkamlashga, texnologiyalar va innovatsiyalarga ko‘maklashishdan iborat.
Uchrashuvda YuNYeSKOning ilm-fan, texnologiya va innovatsion siyosati bo‘yicha (STI) maslahatchisi Sirin Elchi, YuNYeSKOning Olmaota byurosida STI siyosati bo‘yicha maslahatchisi Kristina Tovmasyan hamda STI bo‘yicha maslahatchi Nasiba Muxitdinova ishtirok etishdi. Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Markaz direktori Obid Xakimov, direktor o‘rinbosari Umid Abidxajayev, bosh ilmiy xodim Muxsinjon Xolmuxamedov va birinchi hukumat akseleratori bo‘yicha bosh ilmiy xodim Alisher Xalmurzayev ishtirok etishdi.
Mehmonlarga markaz faoliyati katta qiziqish uyg‘otdi va Markazning asosiy vazifalari va faoliyati hamda birinchi hukumat Akseleratorining asosiy yo‘nalishlari bilan tanishdi. Shuningdek, Markaz direktori mehmonlarga ilmiy xodimlar tomonidan olib borilayotgan dolzarb tadqiqotlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, YeOII va JST doirasida integratsiya jarayonlarining ta’sirini va batafsil tahlilini baholash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, YuNYeSKO vakillari O‘zbekistonda davlat boshqaruvini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlar va islohotlar juda muhim va o‘z vaqtida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni ijobiy hal etishda STI bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
jamoatchilik bilan aloqalar xizmati