Buxoro viloyatining 2022 yil yanvar-iyun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar tahlili
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Samarqand filiali xodimlari Davlat statistika qo‘mitasi hisobot ma’lumotlariga asoslanib, Buxoro viloyatining 2022 yilning I yarim yillikda erishilgan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarining o‘zgarish dinamikasini tahlil qilishdi.
Ushbu davrda Buxoro viloyati YaHM hajmi 19 476,5 mlrd. so‘mni tashkil etgan xolda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 104,1% ga o‘sgan, shuningdek YaIM tarkibida viloyatning hissasi 5,0% ni tashkil etgan. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaHM hajmi esa 9818,7 ming so‘mni tashkil qilgan o‘tgan mos davrga nisbatan 102,5% ga oshgan.
Hudud iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi YaHMning 95,0%ini tashkil etgan bo‘lsa, maxsulotlarga sof soliqlar esa 5,0%ini tashkil etgan.
YaHMning tarmoqlar bo‘yicha tarkibida sanoat ulushi qurilishni qo‘shgan holda 28,8% (2021 yilda 26,9%), qishloq xo‘jaligi ulushi 37,3% (2021 yilda 39,9%) va xizmat ko‘rsatish ulushi 33,9% (2021 yilda 33,2%) ni tashkil qilgan.
Respublika makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarining shakllanishida viloyatning hissasi ahamiyatli hisoblanadi. YaIMda viloyatning hissasi 5,0%ni tashkil etib huddudlar ichida 8-o‘rin, respublika sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishdagi hissasi 4,6%ni tashkil etib 6-o‘rin, asosiy kapitalga investitsiyalar kiritish 10,0%ni tashkil etib 3-o‘rinni egallagan.
Viloyat aholi jon boshiga asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblaganda respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan yuqori. Jumladan, aholi jon boshiga YaHM hajmi, xizmatlar sohasi, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar sohalari bo‘yicha hududlar ichida 4-o‘rin ahamiyatlidir.