Obid Hakimov: aholining murojaatlari, ko‘tarilayotgan dolzarb masalalar bo‘yicha bir qator takliflar ishlab chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 iyul kuni aholi turmushini yaxshilash va tadbirkorlar faolligini oshirishga qaratilgan takliflar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Yig‘ilishda aholi va biznesni qiynab kelayotgan muammolar, ular bo‘yicha ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslar muhokama qilindi. Asosli takliflarni qanoatlantirish, odamlar uchun qulayliklarni oshirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.
Prezident xalqimizni rozi qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratish barcha rahbarlarning eng ustuvor vazifasi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov ham ishtirok etib, aholi tomonidan bo‘layotgan murojaatlar, takliflar, dolzarb masalalar va ularning yechimlarini ilgari surdi.
"O‘zbekiston Respublikasining aqliy markazlari – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar markazi va O‘zbekistonda yangi tashkil qilingan Strategik rivojlantirish agentligi tomonidan aholining murojaatlari, xalq orasida bo‘layotgan muhokamalar, ko‘tarilayotgan dolzarb masalalar bo‘yicha bir qator takliflar ishlab chiqilgan. Mana shu takliflar bugun davlatimiz rahbari oldida prezentatsiya qilib, ko‘rsatib berildi.
Bu bilan davlatning aholini qiynab kelayotgan muammolarini yana bir marta ko‘rish va ushbu takliflarni yanada chuqur ishlash bo‘yicha qilingan harakatlardan biri bo‘ldi. Davlat rahbari aqliy markazlar rahbarlari bilan har bitta qilinayotgan takliflarni uzoq muhokama qildi. Shuningdek, davlat rahbari tomonidan aholining turmush-tarzini yengillashtiradigan, tadbirkorlar faoliyatiga yanada ijobiy ta’sir qiladigan takliflarni amalga oshirish bo‘yicha alohida ko‘rsatmalar berildi.
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, umumiy ma’lumotlar ba’zasi bo‘lgan Prezident Xalq qabulxonalari institutiga kelib tushayotgan murojaatlar orqali har bitta yo‘nalish, har bitta hudud va tadbirkorlik bo‘yicha qaysi muammolar hozir dolzarb va biz qaysi muammolarni yechishimiz kerak, degan savollarga javob topsak bo‘ladi.
Provardida, Xalq qabulxonalarining faoliyatini yanada rivojlantirish, bu yerga kelib tushayotgan murojaatlarning har bitta yo‘nalishi bo‘yicha ijobiy hal qilish tizimini yengillashtirish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan alohida ko‘rsatma berildi", deydi Obid Hakimov.
Ta’kidlab o‘tish kerakki, so‘nggi yillarda barcha soha va yo‘nalishlarda fundamental islohotlar amalga oshirildi. Taraqqiyot strategiyasi mamlakatimizda rivojlanishning yangi bosqichini boshlab berdi. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish uning birinchi maqsadi etib belgilangan.
Iqtisodiyot va ijtimoiy hayotdagi barcha sohalar inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan. Xususan, joriy yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulot 5,4 foiz o‘sgan. Sanoat, qurilish, savdo va xizmatlar sohalaridagi rivojlanish sur’atlari ham, pirovardida, aholi turmushida namoyon bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, Xalq qabulxonalari, ijtimoiy tarmoqlar va so‘rovlar orqali soha va hududlardagi muammolar, odamlarning adolatli takliflari o‘rganib borilmoqda. Ular asosida xalqimizni rozi qiladigan qarorlar qabul qilinmoqda.
Jumladan, tadbirkorlik bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi, muddatlari qisqartirildi. Yil boshidan buyon 50 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etildi. Aholi sotib olgan uylarning 28 foizi ipoteka kreditlari hisobiga moliyalashtirildi. 1 sentyabrdan boshlab xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga ham davlat byudjetidan 2 million so‘mlik homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lab berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.