Navoiy viloyatining 2022 yil yanvar-iyun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar tahlili

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari Davlat statistika qo‘mitasi hisobot ma’lumotlariga asoslanib Navoiy viloyatining 2022 yilning II choragida erishilgan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarining o‘zgarish dinamikasini tahlil qilishdi.

Ushbu davrda Navoiy viloyati YaHM hajmi 32 149,8 mlrd. so‘mni tashkil etgan xolda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 106,4% ga o‘sgan, shuningdek YaIM tarkibida viloyatning hissasi 8,3% ni tashkil etgan. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaHM hajmi esa 30 943,0 ming so‘mni tashkil qilgan o‘tgan mos davrga nisbatan 104,2% ga oshgan.

Hudud iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi YaHMning 97,8%ini tashkil etgan bo‘lsa, maxsulotlarga sof soliqlar esa 2,2%ini tashkil etgan.

YaHMning tarmoqlar bo‘yicha tarkibida sanoat ulushi qurilishni qo‘shgan holda 76,0% (2021 yilda 75,4%), qishloq xo‘jaligi ulushi 11,0% (2021 yilda 12,3%) va xizmat ko‘rsatish ulushi 13% (2020 yilda 12,3%) ni tashkil qilgan.

Respublika makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarining shakllanishida viloyatning hissasi ahamiyatli hisoblanadi. YaIMda viloyatning hissasi 8,3%ni tashkil etib huddudlar ichida 4-o‘rin, respublika sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishdagi hissasi 16,6%ni tashkil etib 10- o‘rin, asosiy kapitalga investitsiyalar kiritish 7,0%ni tashkil etib 7-o‘rinni egallagan.

Viloyat aholi jon boshiga asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblaganda respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan yuqori. Jumladan, aholi jon boshiga YaHM hajmi, xizmatlar sohasi, qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha hududlar ichida 4-o‘rin ahamiyatlidir.

Bahodir Husanov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Samarqand filiali